8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida turli yoshdagi 100 nafar qiz iqtidorini oshirishga va texnologiya sohasiga jalb etishga yo‘naltirilgan DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan ta’lim dasturida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
DigiGirlz — Microsoft korporatsiyasining qizlar uchun ta’lim sohasiga ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalarini takomillashtiruvchi dasturi. Dastur kelgusida global iqtisodiyotning muammolari va chaqiriqlariga tayyor turuvchi xodimlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan.
Dastur ishtirokchilari 2—3-mart kunlari ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Microsoft korporatsiyasining ta’lim yechimlari bo‘yicha mutaxassisi Teadora Varbanova, D:CODE kompaniyasining loyihalar menejeri Kseniya Sardina, Super Dispatch kompaniyasining UI/UX dizayneri hamda DaVinci Soluntions kompaniyasining rahbari Anna Yefimovalar virtual haqiqat hamda ularning tendensiyalari haqida, shuningdek, mobil ilovalar uchun interfeys dizaynlari, kasb tanlash va muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Kichik guruh a’zolari (12 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar) akula harakati simulyatorini yaratish ustida ishlagan bo‘lsa, katta guruh esa himoya bosh kiyimini yaratishda ishtirok etdi. Ushbu qurilmalarni yaratish uchun qizlar Arduino to‘plami va yordamchi materiallardan foydalandi.
6-mart kuni qizlar Microsoftning Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bosh menejeri Anke Den Oudenning DigiGirlz dasturining maqsadlari va Microsoftning qizlar iqtidorini oshirish borasidagi faoliyati haqidagi ma’ruzasida ishtirok etdi.
Shuningdek, dastur ishtirokchilari o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Ta’lim dasturining natijalariga ko‘ra, barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Eng faol ishtirokchilarga Arduino to‘plamlari topshirildi.
Izoh (0)