Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2018-yil 4-dekabrdagi hukmiga ko‘ra, O.O. sodir qilgan firibgarlik jinoyati uchun 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq, Apellyatsiya instansiyasi sudi sudlanuvchini sud zalidan ozod etgan. Bu haqda “Daryo”ga Navoiy viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi F.Xalilov ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro O.O. tender kim oshdi savdosida yer-joy olib berishda yordam berishini aytib, tanishi Anvar va Jamshidlar orqali Navoiy shahrida qurilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor M.O. bilan tanishgan. O.O. Navoiy shahrida ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun Toshkentdan tender kim oshdi savdosi orqali yer-joy olib berishga M.O.ni ishontirib, joy uchun ekologiyaga, arxitektura, smeta xarajatlariga, davlat bojiga, hokimiyatni zaxira yer fondi va shunga o‘xshash to‘lovlar uchun 180 000 000 so‘m pul to‘lanishi kerakligini aytib, M.O.dan, 22 000 dollar pulni olgan. 1 oy muddat ichida qurilishni boshlash uchun ruxsat olishini aytib, hech qanday yer-joy uchun hujjat rasmiylashtirmasdan, M.O.dan olgan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Apellyatsiya instansiyasi sudida, sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilishi jarayonida O.O.ning yaqin qarindoshlari tomonidan sud hukmida ko‘rsatilgan 22 000 dollar zarar summasi to‘liq qoplangani, O.O.ga nisbatan hech qanday da’vo yo‘qligi sabab, 2019-yilning 20-fevral kuni sud hukmini o‘zgartirib, yuqorida qayd qilingan Qonun va Plenum qarori talablaridan kelib chiqib, O.O.ga 13 865 320 so‘m jarima jazosi tayinlab, O.O. ozod etildi.
Izoh (0)