Ma’lumki, mehmonxonalar mamlakatni turistlarga taqdim etadigan muassasalardir. O‘zbekistonga kelgan mehmonlar mamlakat haqida, albatta, viza olishdan boshlab, o‘z davlatiga qaytib ketgunigacha bo‘lgan jami sharoitlardan, infrastrukturadan, qulayliklardan, odamlarning munosabatidan kelib chiqib xulosa qiladi. Mehmonxonalarning qanday darajada qulay, shinam, yaxshi sharoitga egaligi ham kelgan mehmonlarda mamlakatga nisbatan paydo bo‘ladigan taassurotda, shubhasiz, katta rol o‘ynaydi. Shu sababli mehmonxona qurayotgan tadbirkor binoni o‘zining mulki sifatida qurgani bilan, uning mehmonxonasidagi sharoit qaysidir mehmonning mamlakat haqidagi taassurotiga salbiy ta’sir qilib qo‘ymasligi kerakligini yaxshi tushunishi lozim. “Daryo” kolumnisti, HotelPro eksperti Dilshod Odilov shu masalada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
Mehmonxona qurish boshqa bino qurishga taqqoslaganda kattaroq mablag‘ talab qiladigan ish bo‘lgani sababli sarflanayotgan mablag‘ning har bir so‘mi aynan kerakli maqsad uchun ketayotganini yanada diqqatliroq rejalashtirishni talab etadi. Mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanmagan, asosan yashagan mehmonxonalarining mehmon ko‘zi tushadigan joylarini ko‘rib yurgan tadbirkor malakali mutaxassislari maslahatini olmasdan binoni qurib bitirishi keyinchalik juda qimmatga tushadigan qayta qurishlarga sabab bo‘lishini, ba’zan esa qayta qurish bilan ham hal qilib bo‘lmaydigan muammolarga duch kelishi mumkinligini unutmang.
Mehmonxona biznesidagi konsalting xizmatlari qurilayotgan ko‘pgina mehmonxonalarni qanday qurilib bitkazilayotganini kuzatish imkoniyatini bermoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘pchilik tadbirkorlarimizda takrorlanayotgan, aslida to‘g‘ridek tuyulgan, lekin binoning bitishiga yaqinlashgan sari ko‘rinib boradigan bir muammolarga yana bir bor e’tibor qaratish kerakligini ko‘rsatmoqda. Bu xatolarning bir uchi mehmonxona qurishda yulduz darajasini belgilab beruvchi O‘z DSt 3296:2018 standartini noto‘g‘ri talqin qilish bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi uchi standartlarning o‘zi yetarli darajada mukammal emasligidir. Aksariyat tadbirkorlar ba’zi standartlarning minimal darajada berilganini tushunib yetmasligi natijasida qurayotgan mehmonxonasining standartga javob beradigan, lekin raqobatga bardosh bera olmaydigan bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Avvalambor, har bir tadbirkor mehmonxona qurishdan asosiy maqsad — yulduz darajasini olish emas, balki mijozlarning roziligini olish, mehmonxonaning mijozlar bilan to‘la bo‘lishiga, bir kelgan mehmonning yana takror kelish istagi bilan ketishiga erishish ekanligini tushunib olish kerak. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, 4 yulduz darajasini olish uchun barcha stardartlarni bajarsangiz-da, 3 yulduz darajasidagi mehmonxona ham yaratib qo‘ygan sharoitni standartda bo‘lmagani uchun qilmasangiz, bozorda o‘z o‘rningizni egallay olasizmi?
Misol uchun, standartda 4 yulduz darajasidagi mehmonxonada bir kishilik yotoq o‘lchami 90x200 santimetr qilib belgilab qo‘yilgan. Bu “o‘lcham aynan shunday bo‘lsin” degani emas, balki, “o‘lcham kamida shunday bo‘lsin, bu o‘lchamdan kichik yotoq bilan 4 yulduz darajasini olib bo‘lmaydi” deganidir. Mehmonxona egasi shu standartdan kelib chiqib, yotoq o‘lchamini 90x200 santimetr qilib belgilab, xonaning o‘lchamini shundan kelib chiqib bo‘lmoqda. Holbuki, ko‘pgina 3 yulduz mehmonxonalar allaqachon yotoq o‘lchamini 110x200 santimetr yoki undan yuqori qilib qo‘yishgan.
Bu holatni keyinchalik o‘zgartirib, yotoq o‘lchamini kattalashtirmoqchi bo‘lgan tadbirkor xona o‘lchami kichik yotoqqa mo‘ljallangani uchun yotoq va tumbalarni joylashda muammolarga duch kelmoqda. Bunday vaziyatda tadbirkor yo xonalar devorlarini boshqatdan bo‘lishga, yoki 3 yulduzli mehmonxonanikidan kichik yotoqli, nominal 4 yulduzli mehmonxona qurishda davom etishga majbur bo‘ladi. Yotoq – mehmonxonaning asosiy va eng muhim qismi ekanligini inobatga olgan holda, tasavvur qilib ko‘ring, mehmon yotog‘i kattaroq va nisbatan arzonroq 3 yulduz mehmonxonani tanlaydimi, yoki yotog‘i kichikroq, qimmatroq, 4 yulduzga ega bo‘lgan mehmonxonanimi? Xulosa o‘zingizdan. Demak, tadbirkorlar mehmonxona qurishda, faqat standartga mos kelishni emas, balki bozorni yaxshilab o‘rganib chiqib, standartda yo‘q bo‘lsa ham, atrofdagi boshqa mehmonxonalar yaratib qo‘ygan sharoitni o‘rganib, mehmonxonani raqobatbardosh qilib qurish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shu o‘rinda, standartlarga to‘xtalib o‘tsam. Amaldagi O‘z DSt 3296:2018 standarti avvalgisidan ancha yaxshi, zamonaviy talablar bilan to‘ldirilgan. Standartlarni belgilab olishda jahon tajribasi puxta o‘rganib chiqilganidan aminman. Lekin, ish bor joyda kamchilik ham bo‘lganidek, nazarimizda ba’zi moddalar qayta ko‘rib chiqilsa, mehmonxona biznesi rivoji uchun yanada yaxshi sharoit yaratilgan bo‘lar edi.
Standartning 7-moddasida 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarda “suv ta’minoti” sarlavhasi ostida “suvni filtrlash (yoki tozalash) uchun uskuna” bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgan, ammo bu uskuna butun bino uchunmi, yoki mehmonxonalarning umumiy ovqatlanish joylari uchunmi, aniqlashtirib ketilmagan. Standartning 8-moddasida 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarda har bir xonada butilkali ichimlik suvi qo‘yilish talabi ham borligini inobatga oladigan bo‘lsak, krandagi suv faqat yuvinish uchun mo‘ljallanganini tushunib olamiz. Shahar suv ta’minotidagi suvning yuvinish uchun yaroqli ekanligidan kelib chiqsak, bu modda balki u qadar muhim emasdir, yoki bu moddani faqat o‘zi uchun avtonom suv ta’minotiga ega bo‘lgan, umumiy suv ta’minotidan yiroq hududdagi mehmonxonalar uchun shart qilib qoldirish kerakdir?
Standartning 19-moddasida esa, 4 va 5 yulduz mehmonxonalarning xona miqdoridan kamida 4 foizi “yuqori darajali” xonalardan iborat bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. 25-moddada esa “yuqori darajali” xonalarda qo‘shimcha hojatxona bo‘lishi kerakligi yozib qo‘yilgan. Tajribada mehmonxonalarda standart xonalardan yuqori darajada bir necha kategoriyali xonalar bor va ular “delyuks”, “yarim lyuks”, “lyuks”, “biznes-lyuks”, “studio” kabi shartli nomlar bilan yuritiladi. Bu xonalardagi sharoitlar ko‘pincha standart xonalardagi sharoitlardan yetarli darajada farq qiladi. Lekin ko‘pchiligi maydon jihatidan katta bo‘lgani bilan, bir xonadan, yoki bir “mehmonxona” va bir “yotoqxona”dan iborat bo‘lgani uchun, ikkinchi hojatxona qurishga ehtiyoj yo‘q.
Bunday ehtiyoj faqat ko‘p yotoqxonali lyukslardagina bo‘lishi mumkin. Shularni hisobga olgan holda, “yuqori darajali” xonalarda qo‘shimcha hojatxona bo‘lishi kerakligi haqidagi talabni yo olib tashlashni, yoki bittadan ko‘p yotoq xonasiga ega bo‘lgan “yuqori darajali” xonalar uchun deb o‘zgartirib qo‘yishni taklif qilaman.
Standartning 39-moddasida 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarda ham yotoq yonidagi chiroq (svetilnik), ham stol lampasi bo‘lishi kerakligi yozilgan. Albatta, yotoq yonida kitob o‘qish kabi mashg‘ulotlar uchun yorug‘lik manbai kerak, lekin yotoq yonida devorga o‘rnatilgan, stol lampasiga yuklatilgan vazifani bajara oladigan, alohida o‘chib-yonadigan chiroq bo‘lsa, yana stol lampasini talab qilish ortiqcha emasmi? Fikrimcha, bu ikki yoruqlik manbaini “yoki” shaklida, mehmonxona egalari tanloviga qoldirish maqsadga muvofiqroq bo‘lgan bo‘lar edi.
Standartning 20-moddasida 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarda ikki kishilik standart xona o‘lchami hojatxonasidan tashqari kamida 16 metr kvadrat bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgan. Shuningdek, shu maydon ichida 57-moddada shkaf bo‘lishi, 58-moddada har bir mehmon uchun stul bo‘lishi, 59-moddada har bir mehmon uchun kreslo bo‘lishi, 61-moddada yozuv stoli bo‘lishi, 62-moddada jurnal stoli bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, 4 yulduz darajasidagi mehmonxonaning ikki kishilik, kamida 16 metr kvadrat bo‘lishi kerak bo‘lgan maydonida bitta katta ikki kishilik yotoq yoki ikkita bir kishilik yotoq (orasida o‘tish uchun joy ham qolishi kerak), ikkita stul, ikkita kreslo, yozuv stoli va jurnal stoli bo‘lishi kerak, ulardan tashqari mehmon erkin harakatlanishi uchun ham yetarli maydon qolishi kerak. E’tibor bering-a, bularni hammasini joylash uchun, xona o‘lchami qancha kattalashib ketishi kerak bo‘lyapti. Stul va kresloning kishi soniga bog‘lanmasligi, bundan tashqari “stul yoki kreslo” tarzidagi ifoda qo‘llanilishi vaziyatni birmuncha osonlashtirgan bo‘lar edi.
22-moddada 4 va 5 yulduzli xonalarning sanuzeli vannali bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan. Mehmonxonlar va ko‘p sayohat qiladigan kishilar bilan suhbatlarda turistlar asosan dush qilishi, vannadan kamdan kam hollardagina foydalanishi oydinlashadi. Dush qilish uchun zamonaviy dush kabinasi vannadan ko‘ra qulayroqligini ko‘pchilik qabul qilsa kerak. Ushbu moddadagi vanna talabini “vanna yoki dush” degan iboraga o‘zgartirishni taklif qilaman.
84-moddada 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar konferens-xonalarida sinxron tarjima uskunasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlanmoqda. Sinxron tarjima uskunasi birinchidan, qimmat, ikkinchidan, tarjimon o‘tiradigan kichik xonacha doim konferens-xonada joy egallab turishi kerak bo‘ladi. Sinxron tarjima uskunasi kerak bo‘lganda ijaraga olish imkoniyati bor narsa. Shu sababli, ushbu moddani “sinxron tarjima tashkil qilish imkoniyatiga ega bo‘lish” degan modda bilan almashtirish kerak, yoki bu moddadan voz kechish ham mumkin. Umuman, bunday imkoniyat nazarda tutilmagan oddiy to‘rtburchak xonada ham qisqa muddatda sinxron tarjima uskunasini o‘rnatib, tadbirni o‘tkazib yuborish mumkin.
116-moddadagi shattl bas (grafik bo‘yicha muntazam ravishda ma’lum yo‘nalishda qatnovchi avtobus) xizmati va 117-moddadagi avtomobilni prokatga berish talablarini ham biroz yumshatib, ushbu xizmatlarni kerak bo‘lganda tashkillashtirib bera olish imkoniyati bo‘lsin, degan ma’noga olib kelish kerak. Respublikamizdagi eng yirik mehmonxonalarda ham muntazam shattl bas xizmatiga ehtiyoj yo‘q. Delegatsiya uchun yoki aniq bir tadbir paytida bu ishni ehtiyojga ko‘ra amalga oshirsa bo‘ladi.
118-moddada yozilgan “avtoturargohdan yoki garajdan mexmonxona xodimining mashinani haydab olib chiqib berishi” amaldagi yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Sababi, mehmonning mashinasiga o‘tirib, bir metr bo‘lsa ham avtomobil boshqarish uchun xodimga majburiy sug‘urta va ishonchnoma kerak bo‘ladi. Bu moddani olib tashlashni taklif qilaman.
Xalqimiz azaldan mehmondo‘stligi bilan nom chiqargan, uzoq yillik tajribamizdagi turistlar bilan suhbatlarda aksariyat turistlarning xalqimizning mehmondo‘stligiga hurmati oshganini eshitib kelganimiz bor gap. Lekin hali kamchiliklarimiz ham bor. Albatta, rivojlanish birdan amalga oshmaydi. Turizm ko‘pchilikning bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat bo‘lib rivojlantirishi kerak bo‘lgan soha. Soha vakili sifatida yaqin yillarda turizm salohiyatimiz yanada o‘sib, turizm sohasining yalpi ichki mahsulotimizdagi ulushining salmoqli darajaga yetib borishiga ishonaman.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.
Izoh (0)