O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan “O‘zbekistonda zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan ishlash uchun tibbiy va texnik xodimlarning malakasini oshirish” loyihasi doirasida Germaniyada bo‘lib turibdi.Ushbu davlat bilan tibbiyot sohasida qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Jumladan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda OPASCA German Oncology Solutions GmbH tomonidan 50 million yevro qiymatidagi eng so‘nggi texnologiya va jihozlar bilan ta’minlangan, zamonaviy klinika bunyod etish hamda Germaniyaning nufuzli Mangeym universiteti klinikasi bilan o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Bundan tashqari, germaniyalik hamkorlar bilan poytaxtdagi Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida ko‘p tarmoqli klinika bunyod etish yuzasidan kelishuv imzolandi. Loyihaga 100 million yevro miqdoridagi investitsiya jalb etiladi. Keyinchalik viloyatlarda ham nemis texnologiyasi asosida ishlaydigan shunday ko‘p tarmoqli klinikalar ochilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining mazkur tashrifi ham rivojlanib borayotgan hamkorlik samarasidir. Delegatsiya a’zolari Germaniyaning Gamburg shahridagi Albertiniy klinikasi shifokorlari bilan hamkorlikda xirurgiya, urologiya, ginekologiya va onkologiya yo‘nalishlarida robotlashtirilgan texnologiyalar yordamidagi murakkab amaliyotlarda faol ishtirok etdi. Bundan tashqari, mahorat darslarida qatnashib, robotlashtirilgan texnologiyalarda ishlash ko‘nikmalarini ham hosil qilmoqda.
Shuningdek, tibbiyot sohasida zamonaviy uskuna va texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi Philips, Dräger, Heinemann, Weinmann, Fresenius, Siemens kabi kompaniyalarda bo‘lib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, mamlakatda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ochish va faoliyatini kengaytirish borasida muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)