O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi PQ-3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan hududlarda “Iste’molchi kutubxonasi“ tashkil etiladi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Bugungi kunda aholining iste’mol madaniyati qanday?
Ayni vaqtda o‘tkazilgan kuzatish va tahlillar natijalari bu sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar borligini va ularni keng ko‘lamda hal etilishida jamoatchilik ishtiroki zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, aholining iste’mol madaniyatini oshirish borasida, ularning o‘kuv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop kitoblarga bo‘lgan talabini qondirish, bugungi kunda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘lik muhim masalalarga yechim topish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Ushbu vazifalarni kompleks hal etilishiga ko‘maklashishda jamoatchilik tashkilotlari ishtirokini ta’minlash maqsadida, Federatsiya tomonidan respublika hududlarida iste’molchi kutubxonalari va kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlar tashkil etish loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha doirasida tashkil etilayotgan kutubxona va kitob savdosi do‘konlarida, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va iste’molchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qo‘llanmalar, ma’rifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikada nashr qilinadigan gazeta-jurnallar, shuningdek, zamonaviy Book cafe va bepul Wi-Fi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi eReader elektron o‘quv qurilmalari bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Ushbu xayrli tashabbusning Oltiariq tumani hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida Federatsiya tomonidan tuman markazida dastlabki “Iste’molchi kutubxonasi”ning qurilish ishlari boshlandi.
Izoh (0)