Yaqin kunlargacha vrachlar og‘riq darajasini aniqlashda bemorning subektiv fikriga va klinik tajribalariga tayanishga majbur edi. Obyektiv bahoning paydo bo‘lishi esa qaramlikni vujudga keltiruvchi kuchli opioid analgetiklarni qanday dozalarda tayinlashni belgilab beradi.
Indiana universiteti olimlari og‘riqning laborator diagnostikasida katta burilish yasadi. Jamoa qondagi biomarkerlarga qarab og‘riq darajasini aniqlaydigan ilk analiz prototipini yaratdi. Bu haqda universitet saytida xabar berilgan.
Test bemor holatini obyektiv baholaydi, vrach esa bu haqda taxminiy emas, aniq ma’lumotga ega bo‘ladi. Yangi ishlanma kuchli opioid analgetiklar tayinlanadigan bemorlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki ular vaqt o‘tishi bilan qaramlikni chaqiradi va konkret holatlar uchun effektiv ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Endilikda bemor umumiy ta’sirga ega kuchli dorini emas, aynan unga zarur preparatni qabul qiladi.
Test ko‘rsatkichlari bemorga tayinlangan davo chora-tadbirlarining ham samaradorligini ko‘rsatib beradi. Bundan tashqari, bemorda surunkali og‘riq hissining paydo bo‘lish tendensiyasi haqida ham oldindan xabar beradi.
Mualliflarning fikriga ko‘ra, bemorlarga yondashuvning personalizatsiyalanishi opiod analgetiklarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Chunki hozirda AQShda ulardan foydalanish darajasini epidemiyaga tenglashtirishmoqda.
Yangi tekshiruvning yana bir ahamiyatga molik tomoni shundaki, biomarkerlar yordamida qaysidir preparatlar ayollarda yaxshi ta’sir ko‘rsatishi, boshqalari esa erkaklarda samaradorligi aniqlangan.
Hozirda jamoa bosh og‘rig‘i, fibromialgiya kabi konkret holatlarni chuqurroq o‘rganishga kirishgan.
Izoh (0)