Kiyevda asli ozarbayjonlik bo‘lgan ukrain yozuvchisi Grigoriy Xuseynovning “Sharqdan shamol” nomli kitobi nashrga tayyorlanmoqda. Kitob Xiva xonining oilasi qanday qilib Ukrainaga borib qolgani haqidagi ilgari noma’lum bo‘lgan faktlarni taqdim etadi. Bu haqda “Novosti Uzbekistana” xabar berdi.
1980-yillarning boshlarida Grigoriy Jamalovich mashhur sulola vakillari bilan uchrashgan. Keyin ularning Ukrainaga kelishi bilan bog‘liq turli ma’lumotlarni yig‘gan. Endi esa to‘plangan ma’lumotlarni kitob holida nashr etish vaqti keldi, deydi yozuvchi.
Grigoriy Xuseynov - taniqli ukrainalik yozuvchi, jurnalist, Ukraina Milliy Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, mamlakatning eng nufuzli adabiy jurnali “Krivbass kuryeri”ning bosh muharriri. 40 dan ortiq kitob muallifi. Taxminan yigirmaga yaqin adabiy mukofot, shu jumladan, xalqaro mukofotlar g‘olibi. Ukraina Prezidentining qo‘lidan madaniyat, adabiyot va san’at sohasida Ukrainadagi oliy mukofot — Taras Shevchenko nomidagi Milliy mukofotni olgan yagona ozarbayjon. Bugungi kunda Grigoriy Jamalovich Shevchenko qo‘mitasining a’zosi.
1980-yillarning boshlarida Grigoriy Jamalovich shaxsan Xivaning so‘nggi xoni Said Abdullaning jiyani Madiyarov Abdurasul Muxammadyorovich bilan uchrashgan. Abdurasul o‘sha paytda Ukrainaning Krivoy Rog shahrida yashayotgan edi.
Xiva xonlari sulolasining noyob va ayni paytda fojiali tarixini o‘rganib chiqqan Grigoriy Jamalovich darhol Moskvada chop etiladigan “Komsomolskaya pravda” gazetasiga maqola yozgan. Muharrirlar maqolani chop etishgach, undan batafsilroq ma’lumot tayyorlashni so‘rashgan.
Shunday qilib, Grigoriy Jamalovich ham O‘zbekiston, ham butun dunyo uchun qiziq bo‘lgan Xiva xonlari taqdirini yozgan.
Grigoriy Xuseynovning maqolasi chop etilgandan so‘ng Toshkent va Xivaning yuqori lavozimda ishlaydigan amaldorlari va rassomlari Krivoy Rogga tashrif buyurgan. Tez orada ular Madiyarovning ona shahri Xivaga kelishini tashkil qilishgan.
“Men Xivaning so‘nggi xoni Said Abdulla va uning yaqin qarindoshlari taqdiriga bag‘ishlangan ‘Sharqdan shamol’ nomli kitobni tugatganimdan xursandman. Ular 1920-yilda dastlab Moskvaga olib ketilgan, bir muncha vaqt o‘tib Ukrainaga jo‘natilgan. Ukrainada Verxovtsevo stantsiyasining yaqinidagi qishloqqa joylashgan. U yerda shahar militsiyasining otlarini parvarish qilgan. Bir necha oydan so‘ng ular Krivoy Rogdagi ‘Bolshevik’ koniga ko‘chirilgan va kazarmaga joylangan. Xon konning tungi qorovuli bo‘lib ishga kirgan.
Xivadan kelgan 17-18 yoshlardagi yosh avlod kondagi yer osti ishlariga jalb qilingan. Yillar o‘tib oila qurgan, farzand ko‘rgan... Xonning jiyani Abdurasul Madiyarovning to‘rtta qizi ham Krivoy Rogda tug‘ilgan.
Uning o‘zi ot xo‘jaligida ishlagan. O‘z kuchi bilan kichik uy qurgan. Urush paytida uni to‘ng‘ich qizi bilan birga Germaniyaga ishga olib ketishgan. Qaytib kelgach, Abdurasul konda ishlashni davom ettirgan. Uning bir jiyani universitetni bitirgach, Pedagogika institutida dars bergan. 1931-yili Xivaning so‘nggi xoni Said Abdulla Krivoy Rogda vafot etgan. U pravoslav qabristoniga dafn etilgan, afsuski, qabr saqlanib qolmagan. 1930-yillarning o‘rtalarida xonning oilasi asta-sekin O‘rta Osiyoga qayta boshlagan. Ularning aksariyati qarindoshlarini Toshkentdan qidirgan, chunki ularga Xivaga kirish uchun ruxsat berilmagan.
Men Xiva xonlari haqidagi ilk maqolamni chop ettirganimdan keyin O‘zbekistondan Krivoy Rogga katta amaldorlar, muzey xodimlari, tarixchilar, rassomlar kela boshladi... Abdurasul Madiyarovni Xivaga borishga ko‘ndirishdi. U rozi bo‘ldi. Qaytib kelgach, menga o‘z taassurotlari haqida aytib berdi,”— deydi Grigoriy Xuseynov. —“Xivadan qaytgach, Abdurasul Xuseynov betob bo‘lib qoldi. Meni kasalxonaga chaqirdi. U yerga har kuni daftar bilan borib, uning hikoyalarini yoza boshladim. Keyin ularni kitobga joyladim”.
“‘Sharqdan shamol’ kitobi juda katta ahamiyatga ega. Ukraina va O‘zbekiston bir-biriga birodar davlatlardir. Xalqlarimiz eng og‘ir davrlarda ham bir-birlarini qo‘llab-quvvatlagan. Xiva xoni oilasining hikoyasi oddiy odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati haqida hikoya qiladi. Ukrainlar xivaliklarning o‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. Garchi Ukrainaning o‘zida ocharchilik bo‘lgan paytlarda ham,” — deydi yozuvchi.
Izoh (0)