Uchquduq tumanida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ochib, noqonuniy daromad topmoqchi bo‘lganlarning nayranglari fosh etildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Uchquduqlik tadbirkor Gullola Xo‘jayeva (ism-shariflar shartli) tumanda xususiy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yishni niyat tutib, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan birga muassasa uchun kadrlar topish ishlarini ham birvarakayiga boshlab yubordi.
— Ish axtarib yurgan tanishlaring bo‘lsa gaplashaver, faqat ishonchli bo‘lsin, — dedi u tanishi Gulasalga.
Ikkovlon hali qurilishi rejalashtirilayotgan muassasada yaratilajak 16 ta ish o‘rnining “stavka”larini o‘rnatib oldi. Unga ko‘ra oliy ma’lumotli tarbiyachilar “bepul”, o‘rta ma’lumotli yordamchi tarbiyachi, oshpaz va texnik xodimlarning “stavka”si 3 milliondan 4 million so‘mgacha belgilandi.
Bandlik muammosi Uchquduqqa ham dolzarb. Tumanning o‘nlab yoshlari qatori Xurshida ham ish axtarayotgan edi.
— Senbop ish bor, xarajatidan qochmasang bo‘ldi, — dedi unga Gulasal. — 4 million so‘m ketadi. Oliy ma’lumotli bo‘lganingda boshqa gap edi.
Savdo 3 million 800 ming so‘mga pishib, pul ertaga keltirilishiga kelishildi. Biroq Gullolaning sabri chidamadi.
— Bugun kechqurun kelishilgan pulni olib kelmasang, o‘rningga boshqa odam olarkan, — dedi shartni Xurshidaga yetkazgan Gulasal.
Xurshida huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi. “Qadrdonlar” ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Ularning har ikkisiga jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi hukmi bilan eng kam oylik ish haqining 40-50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Izoh (0)