15-yanvar kuni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi Sherali Salomov “Shuhrat” fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovni do‘pposlab, uning hisob raqamidagi 25 mln so‘mni boshqa hisob raqamga yo‘naltirib yuborgani bilan bog‘liq holat yuzasidan Olot tumani faollari bilan uchrashdi. Bu haqda “Xabar.uz” ma’lum qildi.

Foto: “Xabar.uz”

Keskin tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi Sherali Salomovning tumandagi “Shuhrat” fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovga nisbatan qilgan xatti-harakatini qattiq qoraladi. Rahbar shaxsning bunday qilig‘i olib borilayotgan “xalqni rozi qilish” siyosatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday holat viloyatdagi har qanday rahbarlar tomonidan takrorlansa, ularga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

“Olotlik fermer Orif Durmatov bilan shaxsan gaplashdim. Mehnatkash, halol, mard, tanti, g‘ururli yigit ekan. Hokim bilan yuz bergan holatni to‘g‘ri tushunib, mardlarcha o‘zini tutdi. Bundan buyon bu fermer shaxsan mening e’tiborimda bo‘ladi. Yurt korida “labbay” deb, sidiqidildan mehnat qilib, el koriga yarab turgan bunday fermerlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Buxoroda adolatsizlik siyosati bo‘lmaydi”, — dedi viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev.

Olot tumani hokimi o‘zi do‘pposlagan fermerdan ko‘pchilik oldida kechirim so‘radi. Fermer uzrni qabul qildi.

Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev tuman faollarining taklif va tavsiyalariga ko‘ra, bo‘lgan voqeadan Sherali Salomov afsusda ekanligi va fermerdan uzr so‘raganligini inobatga olib, ikkala tomonni yarashtirib qo‘ydi.