Bosh prokuratura “O‘zmetkombinat”ning sobiq rahbariyatiga qarshi tergov olib bormoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaga asoslanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

“Kombinatning sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan tergov olib borilmoqda, yangilari bo‘yicha jinoiy ta’qib yo‘q”, — dedi Rahmonova xonim.

Kuni kecha kombinatning o‘zi uning xodimlari qo‘lga olingani, shuningdek o‘g‘irlik va rastrata aniqlangani haqida bir qator OAVda e’lon qilingan xabarlarni rad etib chiqqan edi.

“Maqolalarda bildirilishicha, kombinatning xaridlar bo‘yicha menejeri O.R. 2019-yilning yanvar oyi boshida katta miqdorda o‘g‘irlik va rastratada ayblanib ishdan bo‘shatilgan. Bu fakt yolg‘on. Xaridlar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Otabek Rasulov hali ham avvalgi lavozimda ishlamoqda. Kombinat va SFI Management Group ishonchli boshqaruviga O.Rasulov tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilgani to‘g‘risida, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan biror-bir fakt, murojaat yoki ma’lumot kelib tushmagan”, — deyiladi kombinat bayonotida.

Ma’lumot uchun, “O‘zmetkombinat” O‘zbekistonda qora metallurgiya sohasida yetakchi korxona hisoblanadi. 2019-yilda uning tashkil etilganiga 75 yil to‘ladi. 2017-yil iyulida kombinatning ustav kapitalidagi davlat ulushi ishonchli boshqaruvchisi sifatida SFI Management Group xorijiy kompaniyasi jalb etildi.