Maktabgacha ta’lim vazirligida tashkil etilgan ichki audit xizmati auditorlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda MTMlarda oziq-ovqat mahsulotlari berkitib qo‘yilgan yashirin xonalar aniqlanmoqda. Bu haqda 2018-yil yakuni hisobotiga tayanib, O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 596-sonli MTMda oziq-ovqat mahsulotlari tarozi ostiga va yashirin xonaga, Sergeli tumanidagi 292-sonli MTMda choyshablar orasiga, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 5-sonli MTMda elektroshit xonasiga, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi 8-sonli MTMda kir yuvish xonasiga yashirib qo‘yilganligi aniqlangan.
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 596-sonli MTMda yashirib qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari: go‘sht — 11,7 kilogram, pishgan go‘sht — 10,9 kilogram, tovuq go‘shti — 4 kilogram, shakar — 23,8 kilogram, choy — 0,65 kilogram, qand — 1,45 kilogram, sariyog‘ — 5,5 kilogram, tuxum — 100 dona, sut — 2,5 litr.
Jizzax shahridagi 39-sonli MTM xodimlari auditorlar kelganida 27 kilogram go‘sht mahsulotini kanalizatsiya chuquriga tashlab yuborgan.
Shuningdek, MTM xodimlari tomonidan taomnomalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilib, soxta taomnomalar tuzilganligi aniqlangan. Namangan viloyati Namangan tumanidagi 11-sonli MTMda oshxonadagi taomnoma, oziq-ovqat mahsulotlarini hisobdan chiqarish uchun buxgalteriyaga topshirilgan taomnoma bilan solishtirilganda bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi, natijada 14,7 million so‘mlik mahsulotlar ortiqcha hisobdan chiqarilgan.
Noqonuniy harakatlardan yana biri ota-onalarning bolalar ta’minoti uchun to‘lovlarini hisoblashda imtiyozlarni noto‘g‘ri qo‘llashdir. Namangan viloyati Norin tumanidagi 6-sonli ixtisoslashtirilgan MTMda 2016—2018-yillarda 54,9 million so‘m to‘lov pullari asossiz hisoblanmagan.
Izoh (0)