19-dekabrning asosiy yangiliklari — “Daryo” dayjestida.

Foto: Everyday

“Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov Prezident Shavkat Mirziyoyevga atab qo‘shiq kuyladi.

Xonanda klipida Prezident rasmi oldida suratga tushib, #SelfiMeningPrezidentim xeshtegi bilan ijtimoiy tarmoqlarga joylashni targ‘ib qilgan.

Klipda o‘zbek estradasi vakillari va aktyorlar ishtirok etgan.

***

O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Xalqaro press klubning bugun, 19-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida Rashid Qodirov, Gulnora Karimova va Abdusalom Yo‘ldoshevlarga nisbatan ochilgan jinoyat ishlarining borishi haqida ma’lumot berdi.

Erkin Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Birinchi Prezidentining qizi Gulnora Karimova O‘zbekistonda jazoni o‘tamoqda.

“Gulnora Karimova sud hukmida ko‘zda tutilgan jazoni O‘zbekiston hududida o‘tamoqda”, — deydi O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari.

***

AQSh 2017-yilning dekabr oyida Gulnora Karimovaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni uzaytirdi.

Sanksiyalarning uzaytirilishi korrupsiyada ayblov va inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq “Magnit aktiga” muvofiq amalga oshirilmoqda. Trampning qaroriga muvofiq cheklovlar yana bir yilga uzaytiriladi.

Turli mamlakat fuqarolaridan tarkib topgan 13 nafar fuqaroning ro‘yxati AQSh moliya vazirligi saytida e’lon qilingan. Ushbu ro‘yxatda Gulnora Karimova ham bor.

***

GM Uzbekistan 20-dekabrdan 22-dekabrgacha barcha avtosalonlarda Cobalt LS M/T (1-pozitsiya) avtomobilini xarid qilish istagida bo‘lganlar uchun maxsus Yangi yil aksiyasini e’lon qildi.

Aksiya davomida ushbu avtomobil uchun 100 foiz to‘lov amalga oshirgan har bir xaridor 4 000 000 so‘m chegirmaga ega bo‘ladi.

***

UFC bo‘yicha mutlaq jahon chempioni Habib Nurmagomedov nima uchun oktagonga Rossiya bayrog‘i bilan chiqmaysiz, degan savolga keskin javob qaytardi.

“Men har doim(bayroq bilan) chiqaman. Ekranda mamlakat bayrog‘i ko‘rsatiladi. Amerikada Dog‘iston, Checheniston, Kavkazni bilmaydiganlar meni rus o‘g‘loni deb biladi. Agar sezgan bo‘lsang, hatto xorijlik sportchilar ham, umuman hamma meni rus deb o‘ylaydi. Shu sababli ular uchun biz — bir millatmiz, bir xalqmiz. Eng muhimi, bizning xalqimiz ajratilmasligi. Masalan, sen kabilar tomonidan.

Chet elda, hech kim bizni ajratmaydi. Bizning ajralishimizni xohlaganlar oramizda. Kel, yaxshisi siyosat haqida emas, sport haqida gaplashamiz. Agar senda tuzukroq savollar bo‘lsa, berishing mumkin”, — dedi Nurmagomedov “Ura.ru”ga bergan intervyusida.