Guayakillik radioboshlovchi va iqtisodchi Otto Sonnexolsner Ekvador vitse-prezidentligiga tayinlandi. Shu haqdagi qaror mamlakat Milliy assambleyasi (bir palatali parlament) majlisida qabul qilingan, deb yozadi “TASS”.
Ekvador qonunchiligiga ko‘ra, vitse-prezident lavozimi qaysidir sabab bilan bo‘sh qolsa, mamlakat rahbari 15 kun davomida 3 ta nomzod ro‘yxatini shakllantirib, parlamentga yuborishi lozim.
Otto Sonnexolsner 94 ta ovoz olib, mamlakatning konstitutsiyaviy vitse-prezidenti etib tayinlangan va shu zahoti o‘z vazifasiga kirishgan. U 2021-yilgacha vitse-prezidentlik lavozimida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyining boshida Ekvador Prezidenti Lenin Moreno Mariya Alexandra Vikunyani mamlakat vitse-prezidentligi lavozimidan ozod qilgan edi. Ayni vaqtda Ekvador prokuraturasi sobiq vitse-prezidentga nisbatan dastlabki tergov harakatlarini boshlagan. Mariya Alexandra Vikunya korrupsiyada gumon qilinmoqda.