Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi va shahar, tuman davlat soliq inspeksiyalarida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Soliq qarzining paydo bo‘lish sabablari, to‘lovlarning amalga oshirilishida uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb yozadi O‘zA.
Unda O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, hujjatda belgilangan soliq imtiyozlaridan unumli va maqsadli foydalanish, ular faoliyatida uchrayotgan muammolar muhokama etilmoqda.
Viloyatda olib borilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari natijasida 266 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini qayta tikladi hamda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi bilan ulardagi 1,8 milliard so‘m soliq qarzi hisobdan chiqarildi.
Bu esa, o‘z navbatida, ularning tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklashi, yangi ish o‘rinlari yaratishi hamda budjet tushumlariga hissa qo‘shish maqsadida davlat tomonidan birinchi bor berilayotgan imkoniyatdir.
“Bir necha yildan beri davlatdan moliyaviy jarima bo‘yicha qarzlarimni to‘lolmay yurgan edim, — deydi A.Suponov. — Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, soliq qarzdorligining kechilishi faoliyatimni qayta tiklash imkonini berdi. Davlat soliq organlari xodimlari tomonidan 67,8 million so‘mlik soliq qarzlarim hisobdan chiqarildi”.
Fuqaro Rashid Boychayevning ham 67 million so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjud edi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, qayta ro‘yxatdan o‘tdi va barcha qarzdorligidan qutilib, hozirgi kunda tadbirkorlikni boshladi.
Izoh (0)