Toshkentda 20-noyabr kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik doirasida “Pul va kapital bozorini rivojlantirish orqali O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Janubiy koreyalik hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan konferensiyada mamlakatda faoliyat yuritayotgan moliya institutlari, bank tizimi, sug‘urta kompaniyalari, xalqaro ekspertlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Mazkur xalqaro konferensiya ushbu bitimni amaliyotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlandi.
Qayd etilganidek, hozirgi kunda O‘zbekiston kapital bozori, bank-moliya tizimini isloh qilishda YeTTB bilan hamkorlik ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi.
Anjumanda moliyaviy sohani rivojlantirish, kapital bozori faoliyati, pul-kredit siyosatini takomillashtirish, xorijiy moliyaviy institutlar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amaliyotga joriy etish, moliyaviy vositachilik faoliyatini kengaytirishga doir ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Izoh (0)