Joriy yilning 13-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Mazkur hujjat sohada mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish barobarida uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, deb yozadi O‘zA.
2019-yilda aholini yetarli miqdorda parranda mahsulotlari bilan hamyonbop narxlarda ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida parranda sonini 80,78 million boshga, tuxumni 7,48 milliardga, parranda go‘shti ishlab chiqarishni 191,4 ming tonnaga yetkazish reja qilib olinmoqda.
Qaror bilan jo‘janing tuxumdan chiqib, to tayyor mahsulot sifatida iste’molchiga yetib borish jarayonlarini o‘zida to‘la mujassamlashtirgan parrandachilik klasterlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. 2019-yilda ularning 13 tasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bir yo‘la 21 ta parrandalarni so‘yish va bo‘laklash sexi, 17 ta parrandachilik mahsulotlari va chiqindilarini qayta ishlash hamda 9 ta ozuqa komponentlarini ishlab chiqarish quvvatlarini ham foydalanishga topshirishga hozirlik ko‘rilmoqda. Joylarda maxsus ilmiy-diagnostika laboratoriyalarini ochish ham dolzarb vazifa qilib qo‘yilmoqda.
Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash “O‘zsanoatqurilishbank” zimmasiga yuklatilgan. Shu maqsadda uning ustav kapitalidagi davlat ulushi O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 50 million AQSh dollariga oshirilmoqda.
2019-yilda 37 million dollarlik parranda mahsulotini eksportga chiqarish kutilmoqda. Bu hajmning 9,1 millioni Toshkent shahriga, 6 millioni Samarqandga yana 3 millioni Andijon viloyatiga to‘g‘ri keladi.
Ana shunday natijalarga erishish uchun bir qancha imtiyozlarni joriy etish va qulayliklar yaratish belgilab berildi.
Jumladan, 2021-yilning 1-noyabrga qadar:
- naslli ona tovuq va barcha turdagi texnologik asbob-uskunalar sotib olish, parranda yetishtirishni tashkil etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlarini tashkil etish, bino-inshootlarni qurish, ta’mirlash, maxsus texnika, ehtiyot qismlar va boshqa asosiy vositalar;
- chetdan keltiradigan parranda ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, veterinariya preparatlari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
- parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan import qilinayotgan yem bo‘ladigan donni temir yo‘l orqali tashishda, istisno tariqasida, MDH temir yo‘llari tarif siyosatining 35 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda chegirma beriladi;
- parrandachilik xo‘jaliklariga talab qilinadigan don mahsulotlari har oyda birja savdolariga qo‘yib boriladi;
- barcha parrandachilik xo‘jaliklarini “Parrandasanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lishi uchun maqbul shart-sharoitlar yaratiladi;
- respublikada soya va kungaboqar donlarini qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxonalar tashkil etiladi;
- dehqon bozorlari va aholi gavjum bo‘lgan hududlarda parranda mahsulotlarini sotish uchun namunaviy savdo firma do‘konlari tashkil etiladi.
Izoh (0)