Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D.Yu.ning xonadonidan giyohvandlik moddasi topildi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga tayanib O‘zA xabar bermoqda.
Yangiyo‘l tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yil 9-noyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumondor D.Yu.ning xonadoni o‘rganilgan. Fuqaro xonadonini tekshirish jarayonida hovlidagi handaq ichidan “Chokotello” va “Neskafe Nan 1” qutilari topilib, ko‘zdan kechirilganida, ushbu qutilar ichida 350 grammdan ortiq marixuana giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan.
Fuqaro D.Yu. mazkur holatga izoh berar ekan, marixuana giyohvandlik moddasini o‘zi iste’mol qilishi uchun saqlab kelayotganini ma’lum qilgan.
Hozirda tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqaro D.Yu. ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)