Ertaga – 12-noyabr kuni “Konservatsiya, restavratsiya va tiklash ishlarining dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro seminar ishtirokchilari Ichan qal’ada xitoylik mutaxassislar tomonidan madaniy meros obyektini restavratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish uchun Xiva shahriga jo‘nab ketadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bu haqda Toshkentda mazkur seminarning ochilish marosimi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ma’lum qilingan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Akilova va boshqalar Madaniyat vazirligi, Xitoy madaniy meros akademiyasi hamda mamlakatdagi sohaga aloqador bir qator tashkilotlar hamkorlikda tashkil etilgan seminar konservatsiya, restavratsiya va tiklash ishlarini olib borishda uchraydigan muammolarni mutaxassislar hamkorligida hal etish yo‘llarini izlash, nazariya va amaliyot uyg‘unligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Seminarning Toshkent shahrida kuni kecha boshlangan nazariy masalalarga bag‘ishlangan qismi bugun ham davom etmoqda. Unda Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan mutaxassislar, shuningdek, UNЕSCO’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Jahon banki vakillari ishtirok etadi. O‘zbekiston va xorijiy mutaxassislarning sohaga oid ma’ruzalari tinglanmoqda.