Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati 2018—2027-yillarda “Muruntov” konida oltin qazib chiqarishni kengaytirish bo‘yicha 733,9 million dollarlik loyihani amalga oshiradi. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 5-noyabrda imzolangan “Muruntov konini o‘zlashtirish (V navbati) 1-bosqichi investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorida aytiladi.

Foto: Google Images

Ushbu hujjat bilan investitsion loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari, asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlangan. U Muruntov koni beshinchi navbatini o‘zlashtirish va ishlab chiqarish hajmini yiliga 47 million tonna rudagacha oshirishni ko‘zda tutadi. Investitsion loyihani amalga oshirish muddati — to‘qqiz yil.

Loyihani moliyalashtirish Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining 445,9 million dollarlik o‘z mablag‘lari hisobiga va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 288 million dollar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Muruntov dunyodagi eng yirik oltin-ruda konlaridan biri hisoblanadi. U ishga tushganidan buyon 1,5 milliarddan ortiq ruda qazib olingan. Hozirgi kunda konning chuqurligi 570 metrni tashkil etadi.