Yillar davomida ipakchilik sohasiga e’tiborsizlik tut maydonlarini asossiz buzilishiga sabab bo‘ldi. Tutzorlar uy- joy qurish va boshqa ekinlar ekish maqsadida yo‘q qilindi. Natijada ipak qurti ozuqasi kamayib, hosildorlikka o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, deb yozadi O‘zA.
Ayni kunlarda ozuqa bazasini kuchaytirishga kirishgan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi vakillari tut ko‘chatlari ekish hamda mavjudlarini parvarishlash borasida bosh qotirmoqda.
Yaqinda o‘tkazilgan xatlov natijasida 49791,3 gektar maydondagi tutzordan 43491,2 gektari borligi, qolgani esa yo‘q qilib yuborilganligi ma’lum bo‘ldi. Endi ularning o‘rnini to‘ldirish maqsadida 100 million dona tut ko‘chati ekish chorasi ko‘rilmoqda.
Ayni vaqtda ana shunday ko‘p miqdordagi tut ko‘chatlarini qayerdan olish mumkinligi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Vaholanki, ko‘chatchilikda tut nihollarini ko‘paytirish e’tibordan chetda qolib ketgan edi. Bunga kuzga ekish uchun atigi 57 mingdan ortiqroq ko‘chat mavjudligi ham isbot bo‘ladi.
Tanqislikni bartaraf etish va rejani bajarish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Chejiang qishloq xo‘jalik akademiyasi bilan O‘zbekiston iqlimiga mos ko‘chatlarni plantatsiya qilish, yangi navlar yaratish va yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Izoh (0)