25-oktabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida IV an’anaviy IDC DX Day Roadshow 2018 konferensiyasi bo‘lib o‘tadi, deb yozadi O‘zA.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, tarmoq va ofis uskunalari, himoya dasturlari ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari, xorijiy va mahalliy olimlar hamda axborot xavfsizligi sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
An’anaviy konferensiyaning yangi shiori “Barchasi innovatsiyalar haqida” deb nomlanishi bejiz emas. Joriy yilda tadbir mavzulari ancha kengaytirildi. Dasturga kiberxavfsizlikning zamonaviy tendensiyalarini o‘rganish bilan bir qatorda, jahon IT-sanoati tomonidan muhokama qilinayotgan dolzarb mavzular kiritilgan. Korporativ boshqaruv, sun’iy idrok, ashyolar interneti, bulutli texnologiyalar va katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish masalalari shular jumlasidandir.
Konferensiya doirasida jahonning yetakchi IT-kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan texnik yechim va ishlanmalar, dasturiy ta’minot, uskuna va tizimlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Mahalliy mutaxassislar va ularning xorijiy hamkasblari qator muhim masalalarni muhokama qilish, tajriba va fikrlar almashish, O‘zbekistonda axborot xavfsizligi tizimini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish imkoniga ega bo‘ladi.
Izoh (0)