20-sentabr kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Mikrokreditbank” ATB hamkorligida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Ozbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati

Memorandumni imzolashdan asosiy maqsad — respublika iqtisodiyotida ayollar tadbirkorligi ulushini oshirish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar berishni yo‘lga qo‘yish, ayollar tadbirkorligini har tomonlama rivojlantirishda moddiy va tashkiliy ko‘mak berishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Mazkur kelishuvga ko‘ra joylardagi tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari — xotin-qizlar qo‘mitasi raisining imtiyozli kreditlash bo‘yicha tavsiyanomasi asosida “Mikrokreditbank” ATB tomonidan xotin-qizlarga tadbirkorlikni boshlash yoki rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha miqdorda hamda xotin-qizlar tashkil etgan yuridik shaxslarga eng kam ish haqining 1500 baravarigacha miqdorda yillik 7 foizdan imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Ushbu maqsadlar uchun Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan 100 millard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning yechimini topish, tadbirkorlik qilish istagi bor bo‘lgan xotin-qizlarga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatish yuzasidan kelishib olindi.