Farg‘ona viloyatida ham hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi hamda hududiy guruh tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
Mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat hududiy guruh joylardagi muammolarni o‘rganish va ularni amaliy hal etish, tadbirkorlik subyektlarining istiqbolli loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqdi.
“Hududiy guruhga kelib tushgan 42 murojaatdan 22 tasi ijobiy yechim topdi, — deydi ishchi guruh a’zosi, viloyat bojxona boshqarmasi bo‘lim inspektori Azizbek Abduholiqov. — Qolgan murojaatlar respublika miqyosida ko‘rib chiqilishi va hal etilishi uchun tegishli vazirlik va idoralarga kiritildi”.
Guruh tomonidan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturiga asosan kredit mablag‘i berilishi kechiktirilayotgan olti nafar yosh tadbirkorga 1 milliard 258 million so‘m kredit ajratilishi ta’minlandi. Shuningdek, 12 nafar tadbirkorning tabiiy gaz, elektr tarmog‘i va suvoqova tizimlariga ulanishiga amaliy yordam so‘rab qilingan murojaati o‘rganib chiqilib, joyida hal etildi.
Ishchi guruh tomonidan Belarus Respublikasining “Konsern Brestmyasomolprom” kompaniyasi bilan viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, joylarda tadbirkorlar ishtirokida muloqotlar tashkil etilmoqda. Salohiyatli investorlar bilan muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazish tadbirlari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatda 6 ming 250 ta foydalanilmayotgan bo‘sh bino va inshoot aniqlanib, ularning 223 tasi elektron savdoga chiqarish uchun maxsus dasturga kiritildi.
Izoh (0)