O‘tgan haftadan boshlab poytaxt metrosi yo‘lovchilari yo‘lning ma’lum bir qismida, aniqroq aytganda, Chilonzor liniyasining “Xalqlar do‘stligi” va “Paxtakor” stansiyalari o‘rtasida poyezd juda sekin yura boshlashi, hatto tunnel o‘rtasida butunlay to‘xtab ham qolishini payqadi. Toshkent aholisi va mehmonlarini tinchlantirish uchun “Darakchi plyus” gazetasi redaksiyasi “Toshkentmetropoliteni” DUK harakatlanish xizmati rahbari Sulton Qodirov bilan bog‘landi.
Uning so‘zlariga qaraganda, “Paxtakor”—“Xalqlar do‘stligi” peregonida haqiqatan ham ayni damda tezlikning pasayishi kuzatilmoqda. U yerda yo‘llarning yuqori tuzilishini reabilitatsiya, soddaroq aytganda, sog‘lomlashtirish ketmoqda, shu munosabat bilan eski shpallar va relslar yangilariga almashtirilmoqda. Normativ hujjatlarga ko‘ra, bunday almashtirishdan so‘ng yo‘lni tekislash lozim.
“Aynan shu tufayli tezlikni cheklamoqdamiz, bu taxminan besh kundan o‘n kungacha, tegishli me’yorlarga erishgunimizga qadar davom etadi. Nima bo‘lganda ham, yo‘lovchilarning tashvishlanishi uchun hech qanday sabab yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas”, — deya ta’kidladi nashr suhbatdoshi.
Izoh (0)