Makkada Ka’baning sharqiy burchagida joylashgan va musulmonlar muqaddas deb biladigan Hajarul-Asvad toshi (Qora tosh) bir marta o‘g‘irlab ketilgan va Makkada naq 23 yil davomida bo‘lmagan, deb yozadi “Islam-today.ru”.

Foto: AP

Ismoiliylarning karmatlar mazhabi yo‘lboshchisi Abu Tohir al Jannabiy eramizning 930-yili uni o‘g‘irlab ketib, o‘zining Bahrayndagi qarorgohiga olib borgan. Abu Tohirning maqsadi haj ziyorati an’anasini yo‘q qilishdan iborat bo‘lgan.

Karmatlar mazhabining asoschisi Abu Said Hasan bin Abhram al Jannabiyning o‘limidan keyin mazhab rahbariga aylangan uning ukasi — Abu Tohir davrida karmatlar davlati sezilarli darajada kengaydi. U Basraga 923, Kufaga 927-yilda hujum uyushtirdi. 930-yilda esa Makkaga bostirib kirdi.

Hajning birinchi kuni amalga oshirilgan hujumda karmatlar Ka’ba atrofida namoz o‘qiyotgan 30 mingga yaqin hojilarni qilichdan o‘tkazgan. Shahar aholisining uylarini talon-taroj qilib, ularning o‘zlarini asir olgach, Abu Tohir Qora toshni joyidan olib, uni bo‘laklarga bo‘lgan va o‘zi bilan olib ketgan. Uni karmatlar davlatining poytaxtidagi Masjid ad-Dirarga olib ketgan. U ad-Dirarni muqaddas dargohga aylantirib, hajni Makkadan bu yerga olib kelmoqchi edi, biroq uning rejalari amalga oshmadi.

Uning o‘limidan keyin, oradan 23 yil o‘tib, tosh katta pulga sotib olingan. Abbosiylar Qora toshni joyiga qaytarish uchun juda katta boyligini sarflagan. Tosh demontaj qilinish chog‘ida 7 bo‘lakka ajralib ketgan edi.