Manzura Bekjonova O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati vakolatli vakili Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Otabek Olimjonov bilan Shahrisabzda bo‘lib o‘tadigan “Maqom” xalqaro forumi xususida suhbat uyushtirdi.
Otabek Olimjonov forum oldidan amalga oshirilayotgan ishlar va umuman vohada sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar haqida gapirar ekan, quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:
— Ayni kunlarda Shahrisabzda “Maqom” xalqaro forumiga qizg‘in tayyorgarlik olib borilmoqda. Forumda ishtirok etish istagini bildirgan davlatlar soni shu kungacha 70 dan oshib ketdi. Hamon tashrif arizalari kelishda davom etmoqda. Shaharda qurilgan barcha inshootlar festivaldan keyin ham bo‘sh turmaydi. Sayyohlik markazining avvalgi buyukligini qaytarish, Shahrisabz Buxoro, Samarqand, Xiva kabi sayyohlar bilan gavjum shaharlar qatorida turishi uchun bir qancha ulkan tadbirlar amalga oshirildi va buning asosiy qismi maqom forumiga tayyorgarlik bilan bog‘liqdir.
— So‘nggi paytlarda olib borilgan qurilish-obodonchilik ishlari samarasida shahar qay darajada o‘zgardi?
— Birinchidan, shaharning tarixiy Ark saqlanib qolgan qismi — Amir Temur saroyida keng ko‘lamda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Uning atrofidagi hudud keng miqyosdagi madaniy tadbirlarni o‘tkazish mumkin bo‘lgan ko‘rkam maydonga aylantirildi. Xususan, “Maqom” xalqaro forumi kunlarida tashrif buyuruvchilar nafaqat amaliy san’at ustalarining ijod namunalari, balki ularni tayyorlash jarayoni bilan tanishish imkoniyati mavjud bo‘lgan etnografik shaharni ko‘radi. Aynan shu yerda O‘zbekistondagi har bir viloyatning o‘ziga xos turistik salohiyatini namoyish etadigan ko‘rgazmalar tashkil etiladi.
Bu yil festivalga tayyorgarlik ko‘rish uchun shaharda uchta, Shahrisabz va Kitob tumanlarida ikkita zamonaviy mehmonxona barpo etildi. Shuningdek, forumga tayyorgarlik jarayonida 11 ta restoran ochildi. Ular barcha zamonaviy standartlarga javob beradi.
Faqat o‘tgan oyda shaharda 60 ta mehmon kutish uyi o‘z faoliyatini boshladi. Shunday qilib, 60 oilani tadbirkorlikka jalb qildik, turizm infratuzilmasini rivojlantirishni rejalashtirdik.
Shu bilan birga, Temir yo‘l elektrlashtirildi: birinchi tez yurar Afrosiyob poyezdi qatnovi 10-sentabrdan yo‘lga qo‘yiladi. Samarqanddan Shahrisabzgacha bo‘lgan eng qisqa yo‘nalish bo‘yicha sig‘imi 16 kishiga mo‘ljallangan mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bularning barchasi sayyohlar uchun qulaylik yaratadi.
Izoh (0)