O‘zbekiston aholisining mustaqillik bayram tantanalarini ko‘ngildagidek o‘tkazishiga hissa qo‘shish maqsadida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan reja asosida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha, 28-avgust kuni Toshkent viloyati IIBda o‘tkazilgan saf ko‘rigi davomida xodimlarning xizmat vazifasini bajarishga bo‘lgan munosabatlari, mavsumiy xizmat kiyimlari bilan ta’minlanganligi o‘rganilib, ularning favqulodda hodisalarga qay darajada tayyor ekanligi ko‘zdan kechirildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB Matbuot guruhi rahbari Nuriddin Abdullayev “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbir so‘ngida yaqinlashib kelayotgan mustaqillikning 27 yillik bayramini o‘tkazishga hozirlik ko‘rish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash borasida xodimlar oldida turgan maqsad va vazifalar yuzasidan kelishib olindi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, har bir ichki ishlar organlari xodimi mahallalarda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirok etmoqda.
Soha vakillari moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, yashash sharoitlariga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abdumalik Allamuradov tomonidan xizmat davomida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan bir qator ichki ishlar organlarining hududiy rahbarlariga Ichki ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan Nexia-3 rusumli xizmat avtomashinalari tantanali ravishda topshirildi.
Izoh (0)