AQShda eng ko‘p tashrif buyuriluvchi saytlar uchligida o‘rin almashish bo‘lishi kutilmoqda, deb yozadi 3DNews.

Foto: “Vestifinance.ru”

SimilarWeb tadqiqot kompaniyasi prognoziga ko‘ra, Google trafik bo‘yicha katta farq bilan yetakchilik qilishda davom etadi, ammo ikkinchi va uchinchi o‘rinlar sohiblari o‘rin almashishi mumkin. Bunda gap tashrif buyuruvchilari soni so‘nggi ikki yil ichida deyarli yarim barobar tushib ketgan Facebook ijtimoiy tarmog‘i va foydalanuvchilari oxirgi vaqtda ko‘payib qolgan YouTube videoxostingi haqida bormoqda.

Shunisi e’tiborga loyiqki, ko‘rishlar soni nafaqat YouTube saytida, balki servisning mobil dasturida ham oshgan. Facebook esa o‘tgan oydayoq reytingda pastlashni boshlagan edi. O‘shanda Mark Sukerbergning kompaniyasi Shimoliy Amerikada faol foydalanuvchilar soni saqlanib qolgani, biroq Yevropada bu ko‘rsatkich pasayganini ma’lum qilgan edi.

Umuman olganda, so‘nggi ikki yil ichida Facebook.com saytining har oylik auditoriyasi 8,5 milliarddan 4,7 milliardgacha kamaydi. Dastur, veb-versiyadan farqli ravishda o‘sishni namoyon qildi, ammo bu ijtimoiy tarmoqqa brauzerdan kiradiganlar safidagi yo‘qotishlar o‘rnini bosa olmaydi.