Toshkentda piyodani urib yuborib voqea joyidan qochgan haydovchi qidirilmoqda. Bu haqda IIV jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 7-avgust, seshanba kuni soat 22:40 larda haydovchi avtomashinani Bodomzor ko‘chasida joylashgan “Saltanat” kafesi qarshisida haydab ketayotib, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan piyoda M.A. ismli ayolni urib yuborgan. Shuningdek, haydovchi 2 ta Spark bilan to‘qnashgan va voqea joyidan qochib ketgan.
Jarohat olgan M.A. kasalxonaga yotqizilgan. Ushbu yo‘l-transport hodisasini sodir etgan haydovchini aniqlash va hibsga olish choralari ko‘rilgan.
“Hurmatli fuqarolar, kimda-kim ushbu avtohalokatga guvoh bo‘lgan bo‘lsa, shuningdek, noma’lum shaxs va uning boshqaruvidagi avtomashina haqida biron-bir ma’lumotga ega bo‘lsa, ichki ishlar organlarining hududiy bo‘limlariga va “102” telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishingizni so‘raymiz” , — deyiladi IIV xabarida.
Izoh (0)