Indoneziyaning Lombok orolida yuz bergan zilzila qurbonlari soni salkam 400 nafarga yetdi, deb yozmoqda “Vesti.ru”.
Jarohat olganlar soni deyarli ming nafarni tashkil qilmoqda.
Lombok oroli ma’muriyati markaziy hukumatga hududda umummilliy halokat yuz berganini e’lon qilishni so‘radi. 270 ming mahalliy aholi boshpanasiz qolgan, ularning uyi butunlay vayronaga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, 29-iyul, yakshanba kuni orolda 6,4 balli yer silkinishlari qayd etilgan edi. Shu kuni mahalliy hukumat 10 kishining halok bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. 30-iyul, dushanba kuni qurbonlar soni 14 taga yetgan. Mingdan ortiq binoga ziyon yetgan. Zilzila 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan.
5-avgust, yakshanba kuni orolda 6,9 balli zilzila yuz bergan. Dastlab 80 nafar, keyin esa 91 nafar qurbonlar haqida xabar qilingan. 6-avgust kuni halok bo‘lganlar soni 142 nafarga yetgan. Yer silkinishlari qo‘shni Bali orolida ham sezilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Balida 2 kishi halok bo‘lgan.
6-avgust kuni kechqurun Mataram shahridan 47 km shimoli-sharqda “juda kuchli” deb baholangan zilzila qayd etilgan.
Izoh (0)