O‘zbekiston Prezidentining 27-iyuldagi farmoniga muvofiq, 1-sentabrdan 14 turdagi biznes tekshiruvi bir kundan ortiq o‘tkazilmasligi lozim, deb yozadi Spot.
Hujjat vakolatli organni Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olish yo‘li bilan ma’lum qilish tartibida o‘tkaziluvchi tekshirishlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Mazkur 25 ta tekshiruvdan:
- 14 tasi bir kun davomida o‘tkazilishi lozim. Go‘sht va sut mahsulotlarini belgilanmagan joylarda sotishni nazorat qilish, barcha qurilishlardagi qisqa muddatli nazorat tekshiruvlari, ishlab chiqariluvchi va sotiluvchi dori vositalarini tekshirish (ishonchli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirdagina) va boshqalar shular jumlasidandir.
- 3 ta tekshirish 5 kun davomida o‘tkazilishi kerak: “O‘zbekenergo” obyektlarida ishlarni yuritish xavfsizligini tekshirish, o‘zanlarni tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash bo‘yicha ishlar olib borilishini nazorat qilish davomidagi tizimli tekshiruvlar, kompaniyalarning yerlardan majburiyatlariga muvofiq maqsadli foydalanishini nazorat qilish.
- 5 turdagi tekshiruv 10 kun davomida o‘tkazilishi lozim. Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi budjetdan tashqari mablag‘larining maqsadli qo‘llanilishini tekshirish, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish va boshqalar.
- 3 turdagi tekshiruv 30 kun davomida o‘tkazilishi kerak. Hisob palatasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan yuridik shaxsni tugatish munosabati bilan o‘tkaziluvchi tekshirishlar va kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish shular jumlasidandir.
Izoh (0)