18-iyul kuni “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida “Xalq roziligi — davlat taraqqiyotining bosh omili” mavzusida Respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Unda “O‘ztransgaz” AJ va uning hududiy bo‘limlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi, Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi boshqaruvi, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 6 million 143 ming iste’molchiga gaz yoqilg‘isi yetkazib berilmoqda. Shulardan 3 million 300 ming uy-joy va 83 mingga yaqini ulgurji iste’molchiga tabiiy gaz, 2 million 760 ming aholi xonadonlariga esa suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
Ulgurji tabiiy gaz iste’molchilarining 5 ming 700 ga yaqinini sanoat korxonasi, 45 ming 500 ga yaqini maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti hamda 31 ming 500 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektidir.
2018-yil 1-apreldan aholiga sotiladigan 1 kilogramm suyultirilgan gazning narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 720 so‘m, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida 700 so‘m, qolgan hududlarda 500 so‘m etib belgilandi.1-avgustdan boshlab, mamlakatning barcha hududlarida aholiga suyultirilgan 1 kilogramm gazni 800 so‘mdan yetkazib berish belgilanmoqda.
Hozirda “O‘ztransgaz” boshqaruvining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshirish, xatlarning to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida ijro apparati tarkibi besh nafar mutaxassisdan iborat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘limi” tashkil etilgan.
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatiga o‘tgan olti oyda jismoniy va yuridik shaxslarning jami 4 616 ta murojaati tushgan, shundan 3 154 tasi yozma, 1 471 tasi og‘zaki murojaatdir. Ularning 4 311 tasi jismoniy shaxslardan, 305 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Murojaatlarning barchasi ko‘rib chiqish uchun nazoratga olinib, 1 982 tasi qanoatlantirilgan, 2 402 tasiga tushuntirishlar berilgan, 13 tasi rad etilgan, 219 tasining ko‘rib chiqish muddatlari uzaytirilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilar yil boshida ishga tushirilgan zamonaviy Call center faoliyati bilan tanishdi hamda “O‘ztransgaz” AJ va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)