17-iyul kuni O‘zbekiston Adliya vazirligida Merritz xalqaro yuridik kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston adliya vazirining birinchi o‘rinbosari N. Jo‘rayev hamda London, Dubay va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi Merritz kompaniyasi ta’sischilaridan biri D. Bayzakova ishtirok etdi.
Mazkur kompaniya xalqaro tijorat faoliyatini huquqiy ta’minlash hamda xalqaro tijorat nizolarini hal etishga ixtisoslashgandir.
D. Bayzakova O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, “Buyuk kelajak” XNNT xalqaro eksperti hamda Dubay xalqaro arbitraj markazi va Parijdagi Xalqaro savdo palatasi qoshidagi Xalqaro arbitraj sudi arbitrlar ro‘yxatiga kiruvchi mutaxassisdir.
Uchrashuv doirasida Adliya vazirligining Merritz kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, O‘zbekistonda xalqaro arbitraj institutini rivojlantirish, xalqaro tijorat nizolarini hal etish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, xorijiy investorlar va xalqaro mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro yuridik kompaniyalar va xalqaro mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb etilishi, shuningdek, xalqaro tijorat nizolarini hal etish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari milliy investitsiya muhitini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Izoh (0)