Samarqand viloyatida joriy yilning olti oyi mobaynida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida, viloyatdagi 495 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Sodir etilgan jinoyatlar avvalgi yilga nisbatan 1 245 taga yoki 40,2 foizga, qotillik 39,5 foizga, bosqinchilik 12,5 foizga, og‘ir tan jarohati yetkazish 27,4 foizga, talonchilik 62,5 foizga, firibgarlik 49,2 foizga, o‘g‘irlik 45,0 foizga, bezorilik 72,9 foizga, avtotransport vositasini olib qochish 33,3 foizga kamaygan, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Aholi bilan amalga oshirilgan manzilli ishlar natijasida voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 12,8 foizga kamaygan bo‘lib, ular ishtirokida Bulung‘ur, Narpay, Nurobod, Tayloq va Qo‘shrabot tumanlarida bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Shu bilan birga viloyatning 591 ta yoki har ikkinchi mahallasida jinoyat sodir etilgan. Ayniqsa, Samarqand shahrida 43 ta, Pastdarg‘omda 23 ta, Urgutda 14 ta, Ishtixon va Payariqda 13 tadan mahallada jinoyatlar sodir etilishi ko‘payganligi ushbu hududlarda samarasiz profilaktik tadbirlar amalga oshirilganligidan dalolat beradi.
Shuning uchun, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishi asosida Prezident Devoni, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning mas’ul vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzilib, o‘rganish ishlari boshlandi.
Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Razzoqovich Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruhi viloyatning Samarqand, Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi va Ishtixon tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib, xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilayotgan nuqson va kamchiliklarning tub sabablarini atroflicha o‘rgandi.
Bulung‘ur, Jomboy va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida xodimlar tomonidan xizmat intizomini buzish holatlari keskin ko‘paygan. Faoliyatida yuqoridagi kabi tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun Bulung‘ur tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduhakimov Sodiq Abduhakimovich, Paxtachi tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduhamidov Xayrullo Ubaydullayevich egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
O‘rganish davomida vazir viloyatdagi ichki ishlar organlari xodimlarini sog‘lomlashtirish markaziga tashrif buyurib, davolanayotgan faxriylar, xodimlar hamda ularning oila-a’zolari bilan uchrashdi va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Maskanda davolanuvchilarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun konsert dasturlarini tashkil etish, ularga Samarqandning tarixiy obidalariga ziyorat tashkil etish uchun bir dona Damas rusumli avtomashina tantanali ravishda topshirildi hamda kutubxona fondini yangi kitoblar bilan to‘ldirish maqsadida vazirlik hisobidan 20 million so‘mlik pul mablag‘lari ajratildi.
Samarqand viloyatida ishchi guruh tomonidan amalga oshirilayotgan o‘rganish davom etmoqda.
Izoh (0)