2017-yilning 23-oktabr kuni Urganch shahridagi 1-sonli umumiy o‘rta maktab hovlisida o‘zini “onangning dugonasiman” deb tanishtirgan begona ayol ushbu maktabning birinchi sinf o‘quvchisi Gulnoza Rahimberdiyevaning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) jami narxi 1 million 200 ming so‘mlik tilla ziraklari, sumkaga joylangan sport kiyimi va poyabzali, egnidagi kiyimlarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudi raisi Murodjon Hasanov ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Jinoyatchi ayol 2017-yilning 24-noyabri ayni tush chog‘i Urganch tumanidagi yana bir maktab hovlisida paydo bo‘lib, 1-sinf o‘quvchisi G. Baxtiyorovani to‘xtatib, o‘zini onasining dugonasi qilib ko‘rsatadi. So‘ngra “dugonasi”ning iltimosiga ko‘ra, qizalog‘ining quloqlaridagi ziraklarni onasiga eltib berish zarurligini aytadi. Unga ishongan G. Baxtiyorova narxi 1 million so‘mlik tilla taqinchoqlarini qulog‘idan yechib, notanish ayolning qo‘liga tutqazadi.
12-dekabr kuni bu qilmishlarga chek qo‘yildi. O‘sha kuni viloyat markazidagi 1-sonli maktabga yana kelgan ayol jinoiy qilmish ustida qo‘lga tushdi.
Tergov tadbirlarida Urganch shahri va shu nom bilan ataluvchi tumanning bir qator ilm maskanlarida o‘tgan yil kuz chog‘i ro‘y bergan davomli jinoiy harakatlar Xurshida Boboyeva tomonidan sodir qilingani ma’lum bo‘ldi. Bir qator tizimli jinoiy xatti-harakatlarni sodir etgan bu ayol ikki nafar farzandning onasi, muqaddam sudlanmagan.
Sud jinoiy qilmish Jinoyat kodeksining o‘g‘irlikka taalluqli 169-moddasi 3-qismi “a” bandida bayon etilgan holatlar bo‘yicha amalga oshirilganiga e’tibor qaratdi. Sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilgan holda, ushbu jinoyat uchun tayinlanishi zarur bo‘lgan uzoq yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi ham sezilarli ravishda kamaytirildi.
Jabrlanuvchilarga yetkazilgan bir necha million so‘mlik mulkiy ziyonni qoplash majburiyati ham uning zimmasiga yuklatildi. Ashyoviy dalil deb qaralgan ayrim mol-mulklar, jabrlanuvchilarning muqaddam talon-taroj qilingan kiyim va poyabzallari, bir juft zirak X. Boboyeva tomonidan egalariga qaytarib berilgani inobatga olindi.
Izoh (0)