O‘zA birinchi o‘zbek fotograf-kinooperatori Xudoybergan Devonov tomonidan 110 yil ilgari obyektivga muhrlangan qorabayir, ahaltaka, yovmit otlarining suratini taqdim qildi.
Suratlar “Ichanqal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida saqlanib kelmoqda.
– Bu o‘lka azaldan yilqichi el bo‘lgan, – deydi “Ichanqal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi Dilmurod Bobojonov. – Afsuski, mustamlakachilarning qistovi bilan xalq otdan uzoqlashgan. Ot bilan bog‘liq neki bo‘lsa, barisi unutilishi shart bo‘lgan. Shu boisdanmi, bugungi avlod orasida ot ilmi ustalari yo‘q. Lekin Xorazm tarixida yilqi bilan bog‘liq juda ko‘p dalillar borki, shuning o‘zi xorazmliklar qadimdan otchi el bo‘lganligini isbotlaydi.
Xorazmdagi Ark saroyida Xorazm tojdorlarining otxonasi bo‘lgan. Keyinchalik bu joy sayyohlarni jalb qilish maqsadida qayta rekonstruksiya qilingan. Nurillaboy saroyi orqasida ham Xiva xonlari otxonasi bo‘lgan, ayni paytda otxona muzey tarkibiga kiritilgan.
Tarixiy manbalarda o‘tgan asr boshlarida Xiva hukmdori saroyi otxonasida qorabayir, yovmit, ahaltaka zotiga mansub 15 mingdan 45 minggacha jangchi ot saqlangani qayd etilgan.
Izoh (0)