Xorvatiya prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich Rossiya va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi JCh—2018 chorak final o‘yinini tomosha qilish uchun Sochi shahriga yetib keldi. “Kommersant”ning yozishicha, u xorvatiyalik ishqibozlarni tashuvchi oddiy charter reys bilan uchib kelgan, egnida Xorvatiya terma jamoasi libosi bo‘lgan.
“Buning biror g‘ayrioddiy joyi yo‘q. Men avval ham, masalan, Italiya va Eronga davlat tashriflarim vaqtida oddiy tijoriy reyslar orqali parvoz qilganman”, — deya Grabar-Kitarovich Slobodna Dalmacija nashriga bergan intervyusida oddiy samolyotda uchib kelganini tasdiqladi.
Xorvatiya prezidenti mamlakat milliy terma jamoasining Daniyaga qarshi nimchorak final o‘yinini tomosha qilish uchun Nijniy Novgorod shahriga ham oddiy reys bilan parvoz qilgandi. Shuningdek, u o‘yinni VIP-lojada emas, balki ishqibozlar bilan birga oddiy tribunada tomosha qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi JCh—2018 chorak final uchrashuvi 7-iyul, shanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da boshlanadi (“Daryo” o‘yindan matnli onlayn uyushtiradi). O‘yin Sochidagi “Fisht” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv g‘olibi yarim finalda Angliyaga qarshi to‘p suradi.