Toshkentdagi “Turkiston” san’at saroyida 7-iyul kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Tadbirda madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev sohada faoliyat olib borayotgan 200 dan ortiq rahbarlar bilan barcha mavzularda ochiq suhbat olib borgan. Sohani rivojlantirish uchun qilinayotgan keng qo‘lamli ishlar bilan birgalikda, bir qator qamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilayotgani ham ta’kidlangan.
“Bu borada korrupsiyaga berilayotgan rahbarlarga nisbatan choralar qo‘rilayotganligi ta’kidlandi, ‘Agar korrupsiyaga yo‘l qo‘yilaversa, biz ma’naviy buzuqlikdan qutulolmaymiz’, dedi vazir; madaniyat va san’at sohasida fidoiy insonlar ishlashi zarurligini ta’kidladi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Majlisda madaniy meros obyektlariga alohida urg‘u berildi. Ularning hozirgi kundagi holati, soni va bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan ishlar belgilab berilgan. Vazir ta’mirtalab madaniy meros obyektlarini — restavratorlar kamligi bois — konservatsiya qilish choralarini ko‘rish, ularni faqat mutaxassis yordamida qayta tiklash ishlarini amalga oshirish zarurligini ta’kidlagan.
Yig‘ilishda bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etmagan ayrim viloyatlardagi rahbarlarga nisbatan “ogohlantirish”, “hayfsan” e’lon qilingan, bir qator viloyat inspeksiyalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Vazirlik axborotida aynan qaysi viloyat vakillariga, aynan kimlarga chora ko‘rilganiga aniqlik kiritilmagan.
“Vazir respublikadagi teatr va muzeylarning ish faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozimligi, davlat-xususiy sherikchiligi asosida yangi izlanishlar joriy etish zarurlini aytib o‘tdi”, — deya qo‘shimcha qilingan Madaniyat vazirligi xabarida.
Izoh (0)