Innovatsion rivojlanish vazirligi Yevropaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri bo‘lgan Inmunotek bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Inmunotek kompaniyasining xalqaro munosabatlar bo‘yicha direktori Xose Ibarsena uzoq muddatli hamkorlik masalasini muhokama qildi. Muzokaralarda, shuningdek, Molekulyar allergologiya va immunologiya bo‘yicha universitetlar xalqaro tarmog‘i vitse-prezidenti Viktoriya Garib ham ishtirok etdi.
Xalqaro molekulyar allergologiya markazi bilan hamkorlik 4 ta yo‘nalishda olib borilishi ko‘zda tutilmoqda:
Allergologiya va immunologiya sohasidagi shifokorlar uchun ta’lim dasturi;
Aholini xabardor qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;
Kattalar va bolalarda ekologik allergiyani davolashga mo‘ljallangan sifatli mahsulotlar taqdim etish;
Mazkur maqsadlarda yuqori sifatli farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqish maqsadida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish.
So‘nggi o‘n yillar ichida ko‘plab mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham allergik kasalliklarning ko‘payishi kuzatilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti allergiyani surunkali tarzda kechadigan oltita eng ko‘p uchraydigan kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan.
Inmunotek bilan shartnomaga ko‘ra, endi O‘zbekistonda respirator allergiya uchun peroral va inyeksion farmatsevtik preparatlar ishlab chiqiladi. Mazkur davlat loyihasining maqsadi bolalardagi nafas yo‘llari kasalliklari oqibatlari bilan bog‘liq muammolarni 50 foizga qisqartirish.
Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bora allergiyaga qarshi emlash amaliyotini joriy qilish ham nazarda tutilgan. Emlash surunkali va o‘tkir allergiyada oddiy dori vositalari yordam bermaganida amalga oshiriladi. Bunda allergiya chaqiradigan modda ekstrakti inyeksiya orqali teri ostiga yuboriladi. Birinchi marta yuborilgan moddaning miqdori allergik reaksiya chaqirmasligi uchun juda kam miqdorda bo‘ladi, keyinchalik uning miqdori asta-sekinlik bilan oshirib boriladi. Odatda, optimal doza har 6-8 hafta oralig‘ida 3-5 yil davomida yuboriladi.
Vaksinatsiya allergiya alomatlarini susaytirib, allergiyaga moyil odamlarning hayot sifatini yaxshilashga, dorilardan kam foydalanishga qodir samarali davolash shakli ekanligi rivojlangan mamlakatlarda isbotlangan. Bu allergiyaga moyil insonlarni keyinchalik astma kasaliga duchor bo‘lmasliklarining oldini oluvchi ishonchli vosita hisoblanadi.
Vaksinalarni import o‘rnini bosadigan yuqori sifatli dori vositalari ishlab chiqaruvchi Laxisam Pharmaceuticals korxonasi bilan hamkorlikda yaratish kelishildi. Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sifatli dori-darmonlarni xaridorgir narxlarda iste’molchilarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan mazkur korxona GLP/GMP standartiga mos vaksinalarni ishlab chiqarishga shay.