Joriy yilning 5—11-noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining moliyaviy markazi — Shanxayda Xitoy Xalqaro Import EKSPO ko‘rgazmasi o‘tkaziladi, deb yozadi O‘zA.
Nufuzli tadbir o‘tkazilishi munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Szin Yuylun jurnalistlar bilan uchrashib, ko‘rgazma haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy tijorat vazirligi, Jahon savdo tashkiloti, BMTning Savdo va rivojlanish konferensiyasi, BMT sanoatni rivojlantirish tashkiloti — YuNIDO Xalqaro Import EKSPOsini o‘tkazishga bosh-qosh bo‘ladi. Uchta bo‘lim — davlat pavilonlari, tijoriy ko‘rgazma va yuqori darajadagi forumdan iborat ko‘rgazma uchun 200 ming kvadrat metrdan ortiq maydon ajratilgan. Yuylun xonimning aytishicha, EKSPO ko‘rgazmaga dunyoning 150 dan ortiq kompaniya vakillarining tashrif buyurishi kutilmoqda.
Shanxayda o‘tkaziladigan EKSPO-2018 birinchi navbatda butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, jahon iqtisodiyoti va savdo sohasini takomillashtirish, jahon iqtisodiyoti rivoji shaffofligini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Savdo-sanoat palatasi O‘zbekistondagi korxonalarni mazkur tadbirda qatnashishini ta’minlaydi. May oyi oxirlarida O‘zbekistondan ishchi guruh Xitoyga borib, ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishib qaytdi. Hozirga qadar O‘zbekistondan to‘rtta korxona ko‘rgazmada qatnashish istagini bildirgan.
“Biz yurtingizdan yanada ko‘p firma va kompaniyalarning qatnashishini istaymiz”, — dedi Szin Yuylun.
Izoh (0)