Qozog‘iston poytaxtidagi Mustaqillik saroyida 6-iyul kuni Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qozog‘istonlik hamkasbi Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan ushbu tadbirda ishtirok etdi, deb xabar qiladi Prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston rahbari ushbu tarixiy sana bilan Qozog‘iston xalqi va Nursulton Nazarboyevni samimiy tabrikladi.
“Ostona shahri yangi, mustaqil va izchil rivojlanayotgan Qozog‘istonning yorqin timsolidir. Uning qiyofasida qozoq xalqining boy madaniyati va an’analari, zamonaviy arxitektura yutuqlari mujassam. Bu shahar yirik iqtisodiy va moliyaviy markaz, xalqaro forum va uchrashuvlar uchun qulay maydon hamdir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari samimiy muloqot maydoni bo‘ldi. Yubileyda Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari Sooronbay Jeenbekov va Emomali Rahmon ham qatnashdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston san’at ustalari tomonidan ham kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi.
Izoh (0)