Aholining shifokor qabulida navbat kutib qolishi, kasallik tarixi haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirish bilan bog‘liq ortiqcha vaqt yo‘qotishlarning oldini olishga qaratilgan “Klinik.uz” dasturi yaratildi, deb yozadi O‘zA.
Qashqadaryo viloyatidagi Qovchin qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining 2-bosqich o‘quvchisi Doston Xolboyev tomonidan yaratilgan mazkur dastur yordamida fuqarolar pasport ma’lumotlarini kiritish orqali ro‘yxatdan o‘tishi va kasallik tarixini dasturga joylashtirishi mumkin. Shifokor bemorning pasport ma’lumotlarini dasturga kiritish orqali uning kasallik tarixi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, ham shifokor, ham fuqaroning ortiqcha vaqt yo‘qotishining oldini oladi. Shuningdek, dastur yordamida foydalanuvchilar shifokor qabuliga yozilishi, tibbiyot muassasalari bilan bog‘liq har qanday amaliyotni onlayn tarzda amalga oshirishi mumkin. Yana bir e’tiborli jihati, ushbu dasturning mobil ilovasi ham mavjud bo‘lib, bu foydalanuvchilar uchun yanada qulaylik yaratadi.
Farg‘ona sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Muhammadqodir Abduvoitovning turizmni rivojlantirish borasidagi innovatsion ishlanmasi ham alohida e’tirofga munosib. U VR TOUR UZBEKISTAN ilovasini yaratdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh innovatsiyachi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi doirasida yoshlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv seminari ham o‘tkazildi. Tanlov doirasida yosh iqtidor sohiblarining taniqli olimlar bilan uchrashuvini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Izoh (0)