Toshkentda 26-iyun kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo kengashining 53-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“O‘zstandart” agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda kengashga a’zo davlatlarning standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash bo‘yicha milliy organlari rahbarlari qatnashdi.
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori A.Karimov standartlashtirish mamlakatning modernizatsiyalash, texnologik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tadbir mamlakatning jahon iqtisodiyoti va xalqaro standartlashtirish tizimiga teng hamkor sifatida tez va uyg‘un integratsiyalashuviga yordam beradi.
MDH mamlakatlari Hukumat rahbarlari tomonidan imzolangan “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosatni amalga oshirish to‘g‘risida shartnoma” asosida MDH davlatlari standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo kengashi 1992-yil 13-martda tashkil etilgan. Shartnoma MDHga a’zo davlatlarning standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish milliy organlarning salohiyati va resurslarini birlashtirish, shuningdek, bu sohalarda yagona texnik siyosatni amalga oshirish uchun imkon berdi.
Xalqaro standartlashtirish va metrologiya tashkiloti a’zolarining yillik yig‘ilishi har yili ikki marta shartnomaga a’zo davlatlarda o‘tkaziladi. Tashkilot tarkibiga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Rossiya, Gruziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va Ukraina kiradi. Tashkilotga raislik vazifalari navbati bilan standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha milliy organlar rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
Toshkentda o‘tayotgan navbatdagi yig‘ilishda standartlashtirish va metrologiya sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, soha rivoji uchun muhim bo‘lgan hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
30-iyunga qadar davom etadigan yig‘ilish metrologiya va standartlashtirish yo‘nalishidagi mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Izoh (0)