AQShning Nebraska shtati shimolida joylashgan Monovi shahrida yashovchi 84 yoshli ayol Elsi Eyler o‘ziga soliq to‘laydi, saylovda bir ovozdan o‘zini shahar meri etib saylaydi va savdo qilish uchun o‘ziga o‘zi litsenziya beradi. Bunga sabab shuki, shaharda undan boshqa hech kim yashamaydi. AdMe ana shu ayol va uning hayoti haqida hikoya qildi.
Monovi shahrini odamlar 1960-yillarda tark eta boshlagan. Dastlab pochta bo‘limi va oziq-ovqat do‘koni yopilgan, 1974-yilda esa mahalliy maktabni oxirgi o‘quvchi bitirgan.
Monovining yagona yashovchisi Elsi Eylerning o‘g‘li va qizi bor, biroq ular allaqachon shahardan ko‘chib ketgan. Ayolning eri Rudi 2004-yilda vafot etgach, u butun shaharni boshqarishni boshlagan. U bir vaqtning o‘zida shahar meri, g‘aznachisi, kutubxonachisi va barmeni hisoblanadi.
Har yili Elsi o‘zi boshqaradigan barning eshigiga saylov haqida e’lon osadi, keyin o‘zini-o‘zi saylaydi. Uning majburiyatlariga davlat moliyalashini ta’minlash va shaharga ko‘chib kelishni xohlovchilar uchun yer uchastkalari reestrini yuritish uchun shaharning har yillik “yo‘l xaritasi”ni tuzish kiradi. Bundan tashqari, Elsi har yili o‘zidan 500 dollar miqdorida soliq undiradi. Bu mablag‘ shaharni yoritish va suv ta’minoti xarajatlariga yetadi.
Bardan tashqari, shaharda kutubxona bor. Unda Rudi tomonidan yig‘ilgan besh mingta kitob mavjud. Eyler oilasining jiyanlari va nabiralari kutubxonaga yoritish tizimini va kitob javonlarini o‘rnatgan. Kutubxonaga hamma kirishi mumkin, uning kaliti eshikda osilgan turadi va hamma joydan ko‘rinadi.
Elsi o‘z bari yaqinidagi kichik treylerda yashaydi. Shaharning yagona ko‘chasidagi boshqa binolar esa allaqachon bo‘shab qolgan.
Har kuni ertalab soat 9:00 Elsi barni ochadi. Asosan unga shahardan 40—50 kilometr uzoqda yashovchi o‘tkinchilar tashrif buyuradi. Shuningdek, tanish haydovchilar ham kelib turadi, ularning ba’zilari ataylab eski tanishi bilan ko‘rishish uchun ham bu yerga keladi.
Elsi yolg‘iz qolgan 2004-yilda Monovi haqida ko‘plab OAVlar yozgan. AQShdagi eng kichik shahar mashhurlikka erishgan, endi esa butun dunyodan sayyohlar tashrif buyuradi: Elsida sayyohlarning izohlari bilan to‘lgan to‘rtta mehmonlar kitobi bor.
Izoh (0)