Shvetsiyadagi Eskilstuna shahri kengashi maxsus ruxsatnomasiz tilanchilik qilishni taqiqladi, deb yozmoqda The Local.
Avvalroq mamlakat ko‘chalari Yevropalik muhojirlar bilan to‘lib ketgani xabar qilingan edi. Ma’lum qilinishicha, tilanchilarning asosiy qismi — Ruminiyadan kelgan lo‘lilardir. “Vaziyat nihoyatda og‘ir. Odam tilanchilik qilishga majbur bo‘lmasligi kerak” — deydi vazir Asu Regner.
So‘llar, yashillar, liberallar va xristian demokratlar qonun loyihasiga qarshi ovoz berdi. Sotsial-demokratlar, markazchilar, millatchilar va konservatorlar esa aksincha taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Qonun okrug ma’muriy kengashi tomonidan bekor qilinmagan taqdirda oktyabrdan boshlab kuchga kiradi.
2018-yilning fevralida tilanchilik butunlay taqiqlash to‘g‘risidagi qaror Velling shahrida qabul qilingan, biroq keyinchalik shahar kengashi tomonidan taqiq bekor qilingan.
Eskilstuna shahri kengashi a’zosi Jimmi Yanssonning fikricha, tilanchilikni butunlay taqiqlashdan ko‘ra, uni cheklash to‘g‘riroqdir. Negaki shunday qilinsa, o‘zini muhtoj qilib ko‘rsatayotgan firibgarlar fosh qilinadi. Chindan yordamga muhtoj kishilar esa xayriya fondlariga murojaat qilish va ko‘mak olish imkoniga ega bo‘ladi. Shvetsiya bosh vaziri Stefan Levan taklifga nisbatan qiziqish bildirgan.
Tilanchilik qo‘shni mamlakatlar — Norvegiya va Daniyada allaqachon taqiqlangan. Shvetsiyada esa bir necha yillardan buyon taqiq joriy qilish masalasi ko‘tarilmoqda, biroq takliflar hozircha tasdiqlanmadi.
Izoh (0)