AdMe Kevan va uning do‘stlari haqida hikoya qiladi. Ehtimol, Kevanning tarixi kimlarnidir yangi hayot boshlashga ilhomlantirar.
Amerikalik Kevan Chandler 32 yoshda. U nogironlar aravachasida harakatlanadi, oyoq va qo‘llari deyarli ishlamaydi. Shu holida u mahalliy supermarketdan boshqa joyga borishni orzu qilishi mumkin edimi? Ammo u butun Yevropani aylanib chiqqan.
Kevan – tug‘ma nogiron. Unga bel mushaklari atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik mushaklar zaiflashishini keltirib chiqaradi va odam harakatlanishga qiynaladi. Kevanning so‘zlariga qaraganda, u butun umri davomida o‘z orzulari va imkoniyatlarining bir-biriga mos kelmasligidan qiynalgan. Biroq u hech qachon orzu qilishdan to‘xtamagan. Uning eng katta orzularidan biri sayohat qilish edi. Unga doim kitoblar va singlisi Konni ilhom bergan. Konni ham mushaklar atrofiyasi bilan tug‘ilgan, biroq hech qachon tushkunlikka berilmagan va akasi bilan birgalikda yangidan-yangi g‘oyalarga qo‘l urishdan charchamagan.
Kevanning do‘stlar borasida omadi chopgan. Uning 3 ta sodiq do‘sti bor. Kunlardan bir kuni Kevanning do‘stlari uning azaliy orzusini ro‘yobga chiqarishga qaror qilgan. Ular Kevanni xorijga 3 haftalik sayohatga olib borishga ahd qilgan. Biroq bu oson ish emas edi, negaki Kevan faqatgina nogironlar aravachasida harakatlanar, qolaversa, sayohat uchun yetarli puli ham yo‘q edi.
Kevanning do‘stlari “Biz Kevanni olib boramiz” (We Сarry Kevan) nomli kraudfanding (internetda xayriya mablag‘lari yig‘ish) loyihasini ishga tushirdi. Ular hali dunyo eshitmagan hikoyani so‘zlab berishni va’da qilgan. Kevanning do‘stlari Yevropani aylanib chiqish, sayohatlari haqida film suratga olish va kitob yozishga ahd qilgan.
Natijada Kevanga juda ko‘p xatlar kelgan. Kevanning xuddi o‘zi singari nogironlar unga “Siz meni hayotga boshqacha qarashga majbur qildingiz” deb yozgan.
Do‘stlari Kevanni yo‘l ryukzagiga solib yurishgan. Bu juda qulay va xavfsiz yechim edi. “Bizning sayohatimizda men ryukzak edim”, — deya Kevanning o‘zi hazil qiladi. Birgalikda do‘stlar Angliya, Irlandiya, Fransiyani aylanib chiqqan. Sayohat davomida do‘stlar tog‘larga chiqqan, tabiat manzaralaridan bahra olgan va, albatta, juda ko‘p suratlarga tushgan. Jumladan, Kevan va uning hamrohlari Eyfel minorasi oldida ham suratga tushib, nogiron yigit uchun ilojsiz bo‘lib tuyilgan ishni amalga oshirgan. Vaqti vaqti bilan ko‘ngillilar sayohatchilarga qo‘shilgan va Kevanning harakatlanishiga yordam bergan.
Hozirda Kevan va uning hamrohlari Xitoyga sayohat qilishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda sayohat uchun zarur bo‘ladigan 25 ming dollarning 20 mingi yig‘ilgan. Bu shunchaki sayohat bo‘lmaydi: do‘stlar tarixiy yodgorliklardan tashqari nogiron va yetim bolalarga yordam berish markazlariga tashrif buyurib, sovg‘alar ulashadi. Kevanning aytishicha, “Agar sen nimanidir qilishni chin ildan istasang, albatta, yo‘lini topasan”.
Izoh (0)