9-iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Buyuk Britaniyadagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan qator o‘quv yurtlari talaba va o‘qituvchilari, London hamda Britaniya va Norvegiyaning boshqa shaharlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan videokonferensiya shaklida muloqot o‘tkazildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi magistranti Diyora Rafiyeva, Kembrij universiteti bitiruvchisi Timur Yunusov va boshqalar O‘zbekistonda hayotning deyarli barcha sohalarida olib borilayotgan o‘zgarishlarni iliq kutib olib, qizg‘in qo‘llab-quvvatladi va unga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanligini izhor etdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida kelajakda hamkorlik qilish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi, jumladan, O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga eksport qilish, investitsiya, zamonaviy texnologiyalar jalb qilish, ilmiy va madaniy almashinuvni mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘z nutqlarida tashqi ishlar Vaziri o‘rinbosari Abdujabar Abduvaxitov va O‘zbekistonning Londondagi elchisi Alisher Shayxov vatandoshlarning mamlakat bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan intilishlarini qo‘llab-quvvatladi.
Izoh (0)