Madaniyat vazirligi qoshida arxitektura yodgorliklarini restavratsiya qilish unitar korxonasi tuzildi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.
5-iyun, seshanba kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda so‘nggi yillarda O‘zbekiston bo‘ylab 259 ta madaniy meros obyekti jiddiy zarar ko‘rgani haqida ta’kidlangan. Masalan, Samarqand viloyatida XIX asrga oid to‘rtta masjid barbod bo‘lgani aytib o‘tilgan.
“Darhaqiqat, so‘nggi yillarda arxitektura yodgorliklarini saqlab qolishga yetarli darajada e’tibor qaratilmagan yoki buning uchun kerakli mablag‘ ajratilmagan. Biz Fransiya va Shveysariya elchixonalari, BMT, Yevropa Ittifoqi hamda YuNESKO bilan hamkorlikda o‘zbek madaniyatini moddiy va ma’naviy tarafdan qo‘llab-quvvatlash klubini tuzdik”, — deydi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev.
Shuningdek, arxitektura yodgorliklarini restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro ekspertlar kengashi tuzilgan. Kengash tarkibiga tarixchi va arxitektorlar kiritilgan.
“Biz restavratsiya maktabini boy berdik, bu juda ham achinarli. Hozir biz bu maktabni xalqaro tajriba asosida tiklayapmiz, o‘z hunarini avloddan avlodga qoldirishi kerak bo‘lgan barcha restavratorlarni yig‘yapmiz. Restavratsiyaga o‘rgatish qiyin, restavratsiya — bu mardikorlik emas, ilm”, — degan madaniyat vaziri.
Shuningdek, Baxtiyor Sayfullayev muzeylar, shuningdek, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish haqidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qilgan.
Izoh (0)