O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli vakil va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mas’ul xodimlari ishtirokida joriy yilning may oyi uchinchi dekadasi va iyun oyi birinchi dekadasi davomida viloyatlarda tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi muammolarni o‘rganish, ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida joylarda uchrashuvlar tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ishchi guruh 21—31-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammo va o‘z yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan o‘rganishlar olib bordi va ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarning aksariyati quyidagi sohalarda vujudga kelayotgani aniqlandi:
- 41,6 % – bo‘sh turgan bino-inshootlarni “nol” qiymatda olish, auksion savdolarida ishtirok etish, yer ajratilishi;
- 32,2 % – bank-moliya, kredit, garov ta’minoti;
- 10,6% – xomashyo resurslarini sotib olish, birja savdolarida ishtirok etish;
- 4,3% – kommunikatsiya tizimiga ulanish, arxitektura va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish;
- 2,7% – qonunbuzarlik, mansab vazifasini suiste’mol qilish, mahalliychilik, ta’magirlik va korrupsiya;
- 1,6% – ruxsatnoma va litsenziyalar, noqonuniy aralashuv;
- 7,1% – boshqa muammolar
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 5-yanvarida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha Toshkent viloyati tajribasini ommalashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.