O‘zbekiston Bosh prokuraturasida bosh prokurori Otabek Murodov va Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen de Vilmor uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Bosh prokuror Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sud-huquq tizimini isloh qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish hamda tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish sohalarida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarni qayd etib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning keng yo‘nalishlari, jumladan, ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurash hamda investorlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Elchi prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, xususan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Violen de Vilmor O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va erishilgan yutuqlarga yuqori baho berdi.
Prokuratura xodimlari kasbiy tayyorgarligining ahamiyati xususida so‘z yuritilib, mehmonga Bosh prokuratura huzuridagi Oliy o‘quv kurslarining Akademiya sifatida qayta tashkil etilganligi ma’lum qilindi.
Fransiya elchisi huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar xodimlari uchun Fransiya davlatidan soha mutaxassislari, ekspertlarni jalb etgan holda birgalikdagi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida huquqiy sohada shartnomaviy-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan ekstraditsiya va huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar tuzish zaruriyati alohida ta’kidlandi.
Izoh (0)